Via Negativa
Kundan kunga murakkablashayotgan va gavjumlashayotgan dunyoda, tiniq fikrlash va mohiyatni ko’rish qobiliyatini qadri oshmoqda. Va, shunga yordam beradigan bir fikrlash andazasi bor: Via Negativa (Inkor Yo’li).
Via Negativa mohiyati: Hayotingizni qaysidir qismida, natijalaringizni kuchaytirmoqchi bo’lsangiz, nima qilishni o’ylashni o’rniga, inkor (Via Negativa) yo’lidan borib ko’ring. Ya’ni, nima qilmaslik kerak degan savolga javob izlab ko’ring.
Via Negativa amaliyotda: Sog’lig’ingizni kuchaytirmoqchi bo’lsangiz, “Qaysi dorini ichish kerak?”'ni o’rniga (hayotga narsa qo’shish), “Nimani hayotimdan olib tashlashim kerak?” deb o’ylab ko’ring (chekish, zarar narsalarni yeyish…).
Pul yi’gmoqchi bo’lsangiz: “Nimalarni kamaytirishim kerak?”. Ko’chalarda yurish, keraksiz narsalarga pul sarflash.
Time-management’ni kuchaytirmoqchi bo’lsangiz, qayerga vaqtni sarflamaslik haqida o’ylang.
Menimcha tushunarli bo’ldi, har qanday sohada: biznes, shaxsiy rivojlanish, ruhiy salomatlik, samaradorlik, problem solving… Har qanday holatda, ”Nimani olib tashlasam bo’ladi?” degan savolga javobni o’ylab ko’rish, foydaliroq bo’lishi mumkin.
Via Negativa fikrlashda:
Odatda, ba’zi bir savollarimizga aniq javob topa olmaymiz. Shunda, savolni negativga o’girib, javob topib, keyin uni qarama-qarshisini qilib ko’rsa bo’ladi. Go’yo boshqa nuqtayi nazardan qaragandek bo’lamiz. Yechim topilish ehtimoli bor.
Misol: “Men yaxshiroq yozuvchi bo’lishni xohlayman.”
Bunga erishish uchun nima qilish kerak? Kimdirlar, yozuvchilik haqida kitob o’qishni boshlashi mumkin, ularga o’xshagan hayot tarzini olib borishi mumkin, kofe ichish odatini boshlash mumkin. Yoki, Via Negativa yo’lidan yurib, “Nima yaxshi yozishimga xalaqit beryapti?”. Bundan: “Nima qilsam, yomonroq yozishni boshlayman?” → “Nima qilsam meni hech kim o’qimaydi?” savoli haqida fikrlab ko’rishi mumkin. (Savolni, tubdan o’zgartirib, negativ ko’rinishiga olib keldik.)
- Yozmasam, hech kim o’qimaydi.
- Ma’nosiz yozsam, hech kim o’qimaydi.
- Zerikarli yozsam, hech kim o’qimaydi.
Bularni, inversiya (qarama-qarshi) qilamiz:
- Ko’p yozishga harakat qilaman.
- Ma’noga urg’u beraman.
- Ma’noni, qiziqarli misollar bilan to’ldiraman.
MML (minimal majburiy ro’yxat) paydo bo’ldi go’yo. Boshlanishiga, tahminan nima qilishni bilib oldik.
Via Negativa misollari:
Aslida, bunday fikrlash ko’p uchraydi. Mohiyatan, samaradorligi baland insonlar ishlatadi. Via Negativa’ni ongli ravishda ishlatishni boshlasangiz, odat bo’lib, muammolarga ko’proq yechimlar ko’rishni boshlaysiz. Pastda, bir nechta misollar.

Men toshni olaman va keraksiz bo’lgan narsalarni yo’qotaman.
Mikelanjelo

Birinchi navbatda, zarar yetkazma.
Gippokrat

Odamlar fokus deganda, o’ylayotgan narsangizga “ha” deb aytish deb tushunishadi. Ammo bu umuman noto’g’ri. Fokus bu atrofda mavjud bo’lgan yuzlab boshqa yaxshi g’oyalarga “yo’q” deb aytishni anglatadi. Siz ehtiyotkorlik bilan tanlashingiz kerak.
Stiv Jobs
“Yaxshilik qila olmasang, yomonlik ham qilma”
Alisher Navoiy:*
Hatto fiqhimizda bunday qoida bor ekan:
Zararning oldini olish foyda keltirishdan ustun turadi.

Ahamiyatsiz detallardan voz keching, shunda asosiy narsalar va ular o’rtasidagi munosabatlar yaqqol ko’rinadi. Maqolda aytilganidek, “Istalgan ahmoq narsani murakkablashtira oladi. Uni soddalashtirish uchun esa daho kerak.”
Ray Dalio
Xulosa
Via Negativa azaldan bo’lib kelgan, va samaradorligi baland bo’lgan insonlar doim buni qo’llab kelishgan. Bugungi kunda, ko’p narsaga tayana olmaymiz. Juda ko’p yolg’on ma’lumot va xohishlar bizni miyamizga singdirilmoqchi bo’ladi. Bunday vaziyatda, eng kamida, nimaga ishonish mumkin emasligimizni bilsak ham katta foyda. Shu sababli, Via Negativa - murakkab dunyoni, soddalashtirib, bizni chalg’itmaslikka yordam beradi.