Energiya
Bir paytlar o’qishga, ishga, yangi narsalar o’rganishga xohishim yo’q bo’lib qolgan edi. Energiyam yo’q edi. Demotivatsiya dermidi? Energiya haqida izlanishlar qildim. O’shanda Margulan Seysenbay, Vadim Zeland va yana bir nechta boshqa mualliflar bilan tanishdim. Ularni kitoblarini o’qib, leksiyalarini o’rganganimdan keyin kelgan xulosalar haqida yozmoqdaman.
Insonga energiya yetishmayotganini ko’rsatadigan bir nechta simptomlari bor ekan. Ulardan:
- Vaqtni bekorga o’tkazish;
- Jismoniy charchoq;
- Depressiya;
- Prokrastinatsiya;
- Motivatsiyani yo’qotish;
- Ruhiy charchoq;
- Stress;
O’zilar ham sezgan bo’salaringiz kerak, ba’zi insonlar bor. Har doim kuchga to’la, har doim nimadirlar bilan band bo’lishadi, o’zidan energiya tarqatadi go’yo. Hazil qilib “Duracell” deb aytardik.
Boshqalar bor, har doim xafa, har doim nimadir dan norozi, faqat negativ haqida gapiradi.
Inson hayotidagi eng muhim resurs - bu energiya ekan. Energiyani teshik chelak sifatida ko’rsa bo’ladi. Chelakka tepadan suv qo’yamiz, pastdan bu suv oqib ketadi. Agar teshiklar ko’p va katta bo’lsa, ichida suv to’lmaydi. Suv quyishdan avval teshiklarni yamash kerak. Keyin, tepadan quyilayotgan suv miqdorini oshiramiz.
Demak, energiyani ko’paytiradigan omillar bor ekan. Va energiyani sarflaydigan omillar bor ekan. E’tibor bering, “sarflamoq” kalimasini ishlatdik. Pulni sarflash mumkin, yoki sarmoya qilish. Shu kabi, energiyani kerakli joyga “sarmoya” qilish mumkin, yoki sarflash. Va ko’p holatda, o’zimiz bilmagan holda, energiyamizni aksar qismini sarflaymiz. Va, ba’zida nimaga sarflaganimizni ham bilmaymiz.
Ustozlar, birinchi o’rinda energiyamizni olib qo’yayotgan sabablar bilan ishlashni tavsiya qilishadi. Biz ham shundan boshlaylik.
Ichki energiyamizni yo’q qilayotgan sabablar
Tugatilmagan ishlar. Bunday ishlar miyamizda “qilishim kerak” degan signalni beradi. U kitobni tugatishim kerak, bu yerga borib kelishim kerak, ana undan xabar olishim kerak, bunisiga berib yuborishim kerak… . Miyamizda qanchalik ko’p narsa ushlab tursak, shunchalik ko’p energiya sarflaymiz. Buni, xuddi chrome browser’iga o’xshatsak bo’ladi. Juda ko’p oynalar ochsak, shunchalik ko’p kompyuter qotadi.
Har bir “Qilishim kerak” bo’lgan ish, bu bir oyna. Miya esa kompyuter. Kompyuter shu holatda ishlasa - yaqin vaqtda qizib ketadi. Ba’zi insonlar yillab shu holatda yurar ekan. Agar sizda o’ylash uchun fazo yo’q bo’lsa, o’ylash uchun miyangizda bo’shliq yo’q bo’lsa, qanday qilib muhim ishlarni hal qilasiz?
Armiyada hech qachon o’ylashga fazo bermaydi. Ishlar bilan ko’mib tashlaydi. Agar hamma ishingizni hal qilsangiz ham, qo’shimcha ishlar bilan yuklaydi. Chunki, gap, qilgan ishingizda emas. Siz bo’sh o’tirmasligingizda. Bo’sh o’tirsangiz, hayot haqida o’ylab qolish ehtimolingiz bor. Men o’zi nima qilyapman. Nega meni, 1 yillik majburan ishlashga olib ketishdi? Qayerdan chiqqan bunday qaror? Meni qiladigan ishim yo’qmi? Komandir ham yoqmayapti… Va hokazo.
Miyani bo’shatish uchun, GTD metodologiyasi juda yaxshi ishlaydi. GTD mohiyati shundan iborat. Qog’ozga, hamma qilishimiz kerak bo’lgan ishlarni yozamiz (aynan yozamiz, qo’lda). Absolyut hammasini. Miyada hech narsa qolmaydigan daraja bo’lishi kerak. Miyadagi hamma vazifalarimizni qog’ozga to’kamiz. Birinchi martda qilayotgan bo’lsak, shu payt miya rohatlanadi. Shuncha vaqtdan beri, birinchi martda miya bo’sh. Va bizni o’ylantirayotgan narsani ko’z oldimizda ko’ramiz. (Hozir o’qishni to’xtatib, haqiqatdan yozishni tavsiya qilaman. Agar, yozishga imkoniyat bo’lmasa, o’qishni to’xtatib turganingiz afzalroq)
Yozganimizdan keyin, birinchi qiladigan ishimiz, filtr bo’ladi. Yozgan ishlarimizga qaraymiz, va qaysidirlari bajarishga 2 daqiqadan kamroq vaqt sarflansa, hozirni o’zida qilamiz. Balki, do’stimizdan xabar olishimiz kerakdir. Telegramdan xol-ahvol so’rashga 2 daqiqa ham ketmaydi, joyida bajaramiz. Uyga non olib kelish kerakmi? Joyida bajaramiz. Birovni narsasi biznikida qolib ketganmi? Joyida egasiga chiqarib yuboramiz. Doktorga borish kerakmi? Joyida doktor bilan uchrashuv belgilaymiz. Mohiyatni tushundik, 2 daqiqadan kamroq vaqt ketadigan ishlarni, o’ylab o’tirgandan, joyida bajarib yuborsak, kamroq energiya sarflaymiz.
Keyin, qolgan ishlarga qaraylik-da, o’zimizga rostman tan olaylik. Qaysi ishlarni baribir qilmaymiz? Qilishimiz kerak, qilganimiz yaxshi da, lekin baribir qilgimiz yo’q. Misol, bir tanishingizga qo’ng’iroq qilishingiz kerak. Lekin u inson bilan gaplashgingiz kelmayapti. Shu kabi vazifalarga, qilmaslik qarorini bering. Qarorni bergandan keyin, boshqa o’ylamang. Hamma vazifalar yoki 1 yoki 0. Yoki qilamiz, yoki qilmaslik qarorini beramiz. Hozir hal qilish kerak. Aksar ishlar qilmaslik qaroriga olib kelishi mumkin. Va bu normal holat.
Oxirida qolgan ishlarni tahlil qilamiz. Agar, qilish kerak bo’lgan sanasi aniq bo’lsa, kalendarga kiritamiz-da, esdan chiqaramiz. Agar kattaroq ish bo’lsa, birinchi qadamini boshlaymiz. Masalan, bir kitobni o’qish kerak bo’lsa, o’zimizga, kuniga 2 betdan o’qishni va’da beramiz-da, 2 betni o’qib, uni ham o’chiramiz. Chunki, uni o’ylab o’tirmayapmiz. Bu ishni bugungi qismi hal bo’ldi. Xullas, hamma qilish kerak bo’lgan ishlarni tugatamiz.
Va o’ylash uchun fazo aynan shu payt paydo bo’ladi. Xuddiki, shuncha vaqtdan beri, sizni energiyangizni bloklangan edi, va, hozir shu cheklovlarni yechishganday go’yo.
Kichik life-hack. Siri, Bixby yoki banal telegramdagi kechiktirilgan xabarlar, miyada ishlarni ushlab o’tirmaslik uchun juda foydali yordamchilar. Ishdan qaytayotganda uyga meva olishingiz kerak mi? “Salom, Siri. soat 19:00 da, meva olishimni eslat” deysiz. Va esdan chiqarasiz. Yoki, telegramda yozib qo’yasiz. Vaqti kelganda sizga eslatadi. Shu kichik odat, juda katta natija beradi. Hatto, ba’zi xodimlar, birgina shu odat orqali, ko’proq pul topganini ham ko’rganmiz. Chunki, hamma unga aytilgan vazifalarni esdan chiqarmasdan bajaradi.
Chalg’ishlar. Eng katta energiya sarflaydigan narsalardan biri, bu fokusimizni bir ishdan, ikkinchi ishga qaratishimiz ekan. Misol, kitob o’qiyapmiz, bizga xabar keldi. Fokusni, kitobdan xabarga olib o’tdik. Xabarni o’qigandan keyin, yana kitobga qaytdik. Fokus ikki martda o’zgardi. Hech narsa bo’lmagandek go’yo, lekin energiya nuqtayi nazaridan, hozir juda katta yo’qotish bo’ldi. Va, bir kunda qanchalik ko’p chalg’ir ekanmiz, kunning oxiriga shunchalik ko’p charchaymiz.
Kerakli odamlar mayli, aksariyatda kerak bo’lmagan, yangiliklar kanallarini ham kuzatib o’tirishadi.
Xar bir xabar, sizni chalg’itadi. Har bir chalg’ish sizni energiyangizni sarflaydi. Shunga, imkon qadar, kerak bo’lmagan kanallarni ovozsiz rejimga o’tqazgan afzal.
Insonlar. Ba’zi insonlar bor. Ular energiyani sizdan sug’urib oladi. Undaylardan uzoqroq yurishga harakat qilish kerak. Ularni o’zingiz ham sezasiz, ular bilan gaplashayotganda, juda charchaysiz. Birinchi o’rinda o’zingiz unday inson bo’lmang. Va ikkinchi o’rinda, unday insonlardan uzoqroq yurishga harakat qiling. Kichik yordamchi, atrifingizda kimda-dir, shu sifatlarni sezsangiz, uzoqlashishga harakat qiling:
- Har qanday vaziyatda faqat o’zi haqida gapirgisi keladi. Men, menda, meniki, bizniki…
- Har doim gapni tortgisi keladi. Boshqalarga gap bermaydi, eshitmaydi. Boshqasi gapirayotgan bo’lsa ham, gapini bo’lib o’zinikini tiqadi.
- Maqtanishni yaxshi ko’radiganlar. Nima bo’lsa ham, maqtangisi kelaveradi.
- Har doim bahs qilgisi keladiganlar. To’g’ri aytganingizni bilsa ham, qandaydir istisnoni ushlab, “Yo’q. Bunday holatlar ham bo’ladi” deydiganlar.
- Yolg’onchi insonlar.
- Gapda, sizni ayblashga, sizga “tegkizdirib” gapiradiganlar.
- Odobsizlar. Na salom, na xayr, na rahmat.
Tanlovlar. Har bir tanlov, energiyani katta miqdorda sarflar ekan. Eng, muhimi, tanlovning miqyosini ahamiyati yo’q. Do’konda turib, sharbatni olmaligimi yoki apelsinligimi degan tanlov, o’tirib, qaysi davlatga o’qishga ketish kerakligini tanlash bilan bir xil energiya sarflar ekan.
Ertalab uyg’onib, nima kiyishni tanlasangiz, biling-ki kunni boshidan katta energiya sarfladingiz. Balki shunga Stiv Jobs, Mark Zukerberg, Barak Obama va yana ko’p insonlar, har doim bir xil kiyimda yurishadi? Decision fatigue, tanlov charchoqligi juda katta energiyamizni yo’q qilib yuboradi.
Buni oldini olish uchun, to’liq tizimni qurish kerak. Masalan, kiyimni, universal ranglarda oling, va xar qanday kiyim tanlaganingizda, tepa-pas bir-biriga mos keladigan bo’lsin. Shunda ertalab, “kiyimim yaxshi turdimi, yo’qmi” deb o’ylab o’tirmaysiz. Yoki do’konda, tanlov bo’lganida, pastki javonda turganini olish odati bo’lishi mumkin. Olma yoki apelsin? Apelsin pastgi javonda turibdi, o’shani olib ketaveramiz. Va shunga o’xshash o’nlab kichik o’zingizga yordamchilar qilib olsangiz, qanchalik hayotingiz yengillashganini ko’rasiz.
Ba’zi biznes trenerlar, inson kuniga 2 ta yaxshi tanlov qila oladi, keyingilariga energiya qolmasligini ham aytgandi. Ya’ni, ertalab turib, nima kiyishni tanlasangiz, va nonushtaga nima yeyishni tanlasangiz, bu kun, siz boshqa samarali tanlov qila olmaysiz. Bu qanchalik to’g’ri ma’lumot ekanligini bilmayman, lekin, kerakmas narsalarga energiya sarflamasimizga juda katta yordam beradi.
Ichki energiyamizni yo’q qilayotgan sabablardan shular bilan bo’lishmoqchi edim. Bundan boshqalari ham bo’lsa kerak, lekin o’zimdan sezgan eng katta sabablar shular edi. Endi energiyani berib turadigan sabablar haqida.
Ichki energiyamizni ko’paytiradigan sabablar
Birinchi o’rinda, tepada ko’rgan, hamma energiya sarflaydigan sabablarni yo’qotish, energiyani ko’payishiga olib keladi. Shunga, birinchi ularni hal qilgan samaraliroq.
Va, eng muhimlari albatta bu to’g’ri ozuqa, yaxshi uyqu va o’rtacha jismoniy faollik bo’ladi. Bular bo’lmas ekan, energiya chelagimiz to’lishi qiyin masala.
Ulardan tashqari yana, ba’zi, foydali tavsiyalar.
Maqsad. Nima uchun qilayotganimizni bilmas ekanmiz, qanchalik zo’r qilmaylik, miya charchaydi. Qilayotgan ishimizni sababi bo’lishi kerak. Masalan, chet elda, qora ishda ishlayotgan birodarlarimizga qaraylik. Yillar davomida og’ir ishda ishlashadi, qiyin ahvolda yashashadi. Nega? Chunki, bollarini o’qitishi kerakligini biladi. Uyidagilar to’q yashashi kerakligini biladi. “Yana 1 yil chidasam, bolamni kontraktini to’layman” deb o’ylashar ehtimol. Ya’ni qilayotgan ishlarini, sababini bilishadi.
Progress Bar. Har bir ishingiz, sizni maqsadingizga yaqinlashtirar ekan, siz shu ishni qilgingiz keladi. Energiyangiz bo’ladi. Siz progress ko’rishni boshlaysiz.
Ba’zi ishlarda progressni ko’rish qiyin. Masalan, sport bilan shug’ullanishni boshlasangiz, natijasi 5-6 oydan keyin keladi. Unda, sun’iy progress yaratamiz. Quick wins konsepsiyasini, olamiz. Bizni misolda, 1 oyda 12 ta shug’ullanish bo’lsa, o’zimizga qimmat restoranda ovqatlanishga ruxsat berarmiz. Hammani o’zini mukofoti bo’ladi. Faqat, siz harakat qilishga arziydigan mukofot tanlashingiz lozim.
Xulosa
- Tugatilmagan ishlarni ko’tarib yurmang
- Chalg’ishlarni minimal darajaga olib keling
- To’g’ri insonlar bilan suhbatlashing
- Tanlovlarni tizimlashtiring
- Ovqat, uyqu va sportni to‘g‘rilang
- Qilayotgan ishingizda maqsad qo’ying
- Shu maqsad yo’lida kichik yutuqlar uchun o’zingizga kichik mukofotlar bering
Va eng muhimi, energiyani harakatlarga ishlating. Tony Fadell aytganidek:
The only failure in your twenties is inaction. The rest is trial and error.
Yoshlikdagi yagona xato – harakatsizlik. Qolganlari esa sinov va xato.
Ichingizda energiya bo’la turib, siz uni harakatlar orqali chiqarmas ekansiz, u energiya negativga aylanar ekan. Sizni ichingizdan yo’q qilib, afsuslarga, bo’shliqqa, achinishlarga sababchi bo’lar ekan.