Tasodiflarga aldanmang

Tasavvur qiling, bir xonaga kirganingizda juda ko‘p (cheksiz) maymun bor. Ularni har birini oldiga klaviatura qo‘yilgan. Klaviaturada barmog‘i tushgan harfni bosyapti. Aksari bo‘lmag‘ur narsa yozadi. Hech qanday ma’nosi yo‘q, o‘qiy olmaydigan daraja bo‘ladi. Orasida 1-2 tasida nimadir o‘xshab qoladi. Masalan, o‘zi bilmagan xolda “ona”, yoki “men” degan kalimalarni yozib qolishi mumkin. Ehtimollar nazariyasiga ko‘ra, shu cheksiz maymundan biri, tasodifdan Illiada ni qayta yozib qo‘yadi. Yoki, boshqasi Urush va Tinchlik asarini aniq nusxasini qaytaradi. Boshidagi maymunlar soni (выборка’si) cheksiz bo‘lganidan keyin, bunday asarlar o‘xshab qolishi hayratga qo‘ymadi. Aksincha, bo‘lmaganda hayron qolar edik. Lekin bu go‘zal asarni yozilgani maymunning yutug‘i emas ki. Bu hayvonot olamidagi do‘stimiz, juda ko‘p maymunlar orasidagi omadi kelib qolganlardan biri xolos. Masalan, shu Urush va Tinchlik asarini yoza olgan (tasodifdan) maymun, uni ketidan, Jinoyat va jazo asarini yoza olishiga ishonasizmi? Ikkinchi marta bunday omadi kelishi ehtimoli juda kam. 0 ga yaqin bo‘ladi. Bu maymunning yutug‘i - omadi kelgani.

Biz ko‘rayotgan podkastlar mehmonlari, o‘qiyotgan kitoblarimiz mualliflari bu insonlar omadi kelib qolganligi uchun unday darajaga chiqmaganmikan? Ular berayotgan maslahatlar, bir martda o‘xshab qolgan, keyingi safar o‘xshash ehtimoli past bo‘lgan maslahatlar emasmikan?

Endi shu misolni sal kuchaytiraylik. Bo’lmag’ur narsa yozgan maymunni u xonadan olib chiqib ketishadi. Shunda u yerda faqat chiroyli asarlar, chuqur kitoblar yozgan maymunlar qoladi. Birinchi kirganda qanday fikrlar keladi? “Maymunlar daho ekan-ku” deyishimiz mumkin. Boshlang’ich maymunlar sonini bilganimizda, aldanganligimizni tushunamiz.

Boshqa misol. Treyderlar (fond birjasidagi savdogarlar) olamiga qaraylik. Misol uchun 1 ta treyderni bir yilda foydaga chiqish ehtimolini 50% qilib olamiz. Yoki foydaga chiqadi, yoki zararga. Boshidagi sonimiz (выборка’miz) 10 000 treyder bo‘lsa, yilning oxirida 5000 tasi qoladi (50 foizi). 2-yilning oxirida 2500 tasi yetib boradi. 3-yilda esa 1250 tasi. 6-yilga borib 156 dona treyder qoladi (omadi kelganlar).

Endi bu 156 ta treyder, 6 yildan beri foydaga chiqqanini hisobiga, o‘zini zo‘r deb o‘ylaydi. Interview’lar beradi. Kitoblar yozishadi. Tog‘ri strategiya qurishni o‘rgatadi. Lekin bularni aksari, omadi kelib qolganlarini tan olishmaydi. Bunga Victor Nederhoffer misol bo‘lishi mumkin. 1980-yildan boshlab yaxshi foyda ko‘rardi. Kitoblar yozdi. Dunyodagi eng mashhur treyderlardan bo‘ldi. 1997-yilda kompaniyasi hamma pulini yo‘qotdi. O‘zini bankrot deb e’lon qildi.

Monte-Karlo simulyatsiyasi

Monte-Karlo usuli, asli, matematik usul hisoblanadi, va ba’zi turdagi misollarni ishlashda yordam beradi. Bu usulni matematiklar juda ham yaxshi ko‘rishmaydi, sababi, bu usul misollarni formula, yoki aksiomalar orqali ishlamaydi. Bu usul, bir ishni qayta-qayta qilib javobini chiqarish usuli. Masalan, tangani gerb tarafi tushish ehtimolini nechaga teng desak, Monte-Karlo usuli juda ko‘p marta otib ko‘radi. Va shundan, 50% ekanligini chiqaradi.

Bizga matematik tarafi kerak emas. Buni mohiyatini olsak yetarli. Bir ishni qilishdan avval bu ishni fikriy tajribada qayta-qayta o‘tqazib ko‘ramiz.

Bir stomatologni misol qilib olaylik. U juda yaxshi o‘qidi, universitetda eng zo‘r talabalardan bo‘ldi. Ishga kirgandan keyin ham, kuchli kitoblar o‘qishni davom etdi. Malaka oshirish uchun ko‘p pul sarfladi. Va yillar davomida shu tarzda yashadi. 25 yoshlarida o‘z yurtida eng kuchli stomatologi bo‘ldi. Keyin 35 larida dunyodagi eng kuchli stomatologiga aylandi. Bitta operatsiyasi 50 000$ - 100 000$ qiladigan bo‘ldi. Pulini yig‘ib sarmoya qilishni boshladi va 40 yoshida 10$ mln yig‘di.

Bu stomatologni sinfdoshi bor edi. U kishi yoshligidan biznes ochishga qiziqgan edi. Shu sabab universitetda ham o‘qimadi. Zukerbeg, Steve Jobs’larni misol keltirar edi. Universitet mayli, o‘zi ham rivojlanmadi. Qayerga ishga kirmasin, vaqtinchalik ishlashni niyat qilib yurdi. Va hammasidan tez vaqtdan so‘ng ketar edi. Shunday qilib u ham 40 ga kirdi. Bir kuni lotereya o‘ynadi va tasodifdan 10$ mln yutib oldi.

2 sinfdosh. Ikkalasini ham 10$ mln bor. Pul nuqtayi nazaridan ikkalasi ham teng. Lekin bu 10 mln haqiqatdan teng deya olamizmi? Monte-Karlo usulini qo‘llab ko‘ramiz.

Stomatolog hayotini 10 000 marta yashaganda, va hammasida shu yo‘lni bosib o‘tganda, taxminan 1000 tasida yana shu darajaga chiqar edi. Yana 8000 holatda, o‘rtachadan balandroq oylikka ishlar edi. 500 talarida o‘rtacha pul topar edi. Va qolgan 500 tada, yomon natijaga erishar edi. Hamma sonlar taxminiy olingan.

Lotereya yutib olgan tanishi esa, 10 000 marta yashasa, lotereyada qayta yutish imkoniyati 0 ga juda yaqin. Bunday prinsiplari bilan biznesda ishi o‘xshab ketishi ham ehtimoli pastroq. 100-200 tasida o‘xshab qolishi mumkindir.

Ko‘k rangda stomatologning yetishi mumkin bo‘lgan yo‘llar bor. Sarig‘i esa, lotereyaga ishongan birodarimiz.

Monte-Karlo usuli aytadiki, stomatologning katta riski yo’q. Ko’p yutmoqda, kam yutquzmoqda. Lotereyaga ishongan do’stimiz, bir deganda katta yutyapti. Lekin orada juda ko’p yutqazayapti.

Bu bizga nimani beradi? Bu bizga zarbalarga chidamlilik beradi. Birgina hodisa, bizni hamma narsamizni yo‘qotmasligimizga yordam beradi. Tepadagi ko‘k yo‘llar kabi, har bir ishimizni ko‘ra olamiz.

Biznes ochmoqchi bo‘lsangiz, shu yo‘llarni o‘ylab ko‘ring. Agar ishingiz o‘xshab ketsa, juda katta yutuq bo‘ladi. Eng omadli yo‘llardan bo‘ladi. Lekin, bu minglab natijalardan biri xolos. Boshqa natijalardan biri, o‘rtacha daromad ko‘radigan biznes bo‘lishi mumkin. Qiziq. Eng yomon natijasi-chi? Uydagilar och qoladigan holatga tushsa, yoki, uysiz qolib, ko‘chada qolib ketadigan holat bo‘ladigan bo‘lsa, biznes ochish juda xavfli. Agar, bu biznes o‘xshamasa ham, ishingiz bor, pulingiz bor bo‘ladigan bo‘lsa, bu hodisa sizni sindirmaydi. Siz zarbani chiday olasiz.

Yoki uy olmoqchisiz. Hali bitmagan uy, arzonroqqa olib, bitganda qimmatroqqa sotishni o‘ylayapsiz. Fikriy tajribalar o‘tqazamiz. Eng omadli holatda qancha pul topaman? O‘rtacha holatda qancha pul topaman? Eng yomon holatda qancha pul yo‘qotaman? Agar yo‘qotadigan pulingiz sizni hayotingizni ostin-ustun qilib yubormasa, tavakkal qilishga arzisa kerak.

Ray Dalio da ham shunga yaqin bo’lgan prinsip bor edi:

Ikkinchi va uchinchi darajali oqibatlarni tahlil qiling.

Xulosa

Bizning dunyoda juda ko‘p kutilmagan hodisalar bo‘ladi. Taleb bularni Qora oqqush (antonim bo‘lib qoldi) deydi. Va juda ko‘p biznesmen, siyosatchi, investorlar va boshqalarning karyerasi tugashiga sababchi - aynan shu Qora oqqushlar. Ba’zida bunday hodisalar kimdirlar ni boyishiga olib keladi. Va ular, kitob yozishni, interview’lar berishni boshlaydi. Bu “Ular hech nimaga erishmagan, ularni eshitmangiz” degani emas. Shunchaki kritik fikrlash esdan chiqmasligi uchun kichik eslatma. Biznesni rivojlantiraman deb, qaysidir maslahatni eshitdingizmi? Fikrlab ko‘ring. Bu inson, bunday maslahat berishga arziydigan inson mi? Bu maslahatini qo‘llasam, nimalarga erishishim mumkin? Nimani esa yo‘qotishim mumkin?

O‘zimni yaxshi natijalarga erishgan, kursdoshlarim, do‘stlarim orasida ancha oldinga o‘tib keta olgan biri deb hisoblar edim. Shu mavzuga oid kitob o‘qir ekanman, o‘ylanib qoldim. Balki, bularning hammasi, meni harakatlarimni sababi emasdir? Balki vaziyatlar to‘g‘ri kelib qolganini hisobiga erisha olgandirman? Va hayotimni eslab chiqdim. Aksar erishgan yutuqlarim, omadim kelganligini hisobiga ekan. Ota-onam, ustozlar, vaziyat, do‘stlar… . Faxrlanadigan hech narsa qilmabman hali.

Endi sizga o’ylash uchun ozuqa: siz erishgan narsalar - bu haqiqatdan sizning yutug‘ingiz mi?