Gidra kabi bo’ling

Kecha, hamkasblar bilan Talebning “Antifragile” (Antinoziklik) kitobi haqida suhbatlashgan edik. Nazarimda juda qiziq suhbat bo’ldi. Bekorga guruhda bo’lib o’tgan suhbatlar, ilm almashuvi uchun eng samarali hisoblanmaydi.

Chunki, omma suhbatida, siz tasavvur ham qilmagan savollar kelishi mumkin. Shu payt, siz nimalarni bilmasligingizni anglaysiz.

Munger ham aytgan edi:

“Nimani bilmasligingizni bilishingiz, daho bo’lishdan ham foydaliroqdir.”

Ho’p, kitobga qaytadigan bo’lsak, o’sha suhbatdan olgan eng muhim insaytlar (xulosalar) esdan chiqmasligi uchun yozishga qaror qildim. Kitobning qisqacha mazmuni deb aytsak ham bo’lsa kerak.

Qora oqqushlar

Oqqush - nomi bilan rangi oq bo’lgan qush. Umr bo’yi siz ko’rgan hamma oqqushlarni rangi oq bo’lsa-da, Taleb aytadiki, dunyodagi hamma oqqushning rangi oq deya olmaymiz. Va haqiqatdan, juda kam holatda, tabiatda, rangi qora bo’lgan oq qushlar ham uchrar ekan. Olimlar uchun, qora oqqush - kutilmagan voqea.

Ekonomikada ham, qora oqqushlar (kutilmagan voqealar) har doim uchraydi. Masalan:

  1. 1980-yil, SSSR’da neft krizisi
  2. 2000-yil, Dot-kom pufagi
  3. 2008-yil, Buyuk inqiroz
  4. 2010-yil, Yevropa qarz inqirozi
  5. 2020-yil, Covid 19

Harakat ham qilmasdan shunchasini esladim. Men bilmaganlar qancha. Va, har bir shunday qora oqqush kelganda, ba’zilar sinadi va yo’q bo’lib ketadi. Ba’zilar esa kuchayar ekan.

Kimdirlar, qora oqqushlarga tayyor emas. Kimdirlar esa tayyor holatda bo’lar ekan. Shu holatlar haqida gaplashsak:

Har qanday obyektning uch holati

Talebning aytishi bo’yicha, har qanday inson, jamoa, kompaniya, davlat yoki boshqa tizimning 3 holati bo’ladi: Noziklik, Sinmaslik hamda Antinoziklik.

Keling misol bilan boshlaymiz:

  1. Damokl qilichi.

Rivoyatga ko’ra, Sirakuza hukmdorni Dionisiyning Damokl ismli xushomadgo’y amaldori bo’lgan. Damokl doimo podshohlarning hayoti dabdabali va baxtli bo’lishini aytib, ularga havas qilgan. Bunga javoban hukmdor uni ziyofatga taklif qilib, eng yuqori martabaga o’tqazadi. Ammo Damokl tepasiga qaraganida, uning boshiga faqat bitta otning qilig’iga osib qo’yilgan o’tkir qilich turganini ko’radi. Dionisiy bu bilan hokimiyat va boylik doimiy xavf-xatar ostida yashashni anglatishini va har lahzada halokat yuz berishi mumkinligini tushuntirgan.

Har qanday kutilmagan voqea (kimdir aksirdi, eshikni qattiq yopib yubordi yoki baqirib kulib yubordi), Damokl’ning o’limiga olib kelardi. Shu sababdan u juda Nozik holatda

  1. Feniks.

Qadimgi dunyo mifologiyasidagi eng mashhur afsonaviy qush bo’lib, u o’z kuli ichidan qayta tug’ilish, boqiylik va yangilanish timsoli hisoblanadi.

Uni o’ldirib bo’lmaydi. Nima bo’lishidan qat’iy nazar, u har doim hayotda. Demak u Sinmas holatida ekan.

  1. Gidra.

Eng dahshatli va yengilmas maxluqlardan biri boʻlib, u tana tuzilishi, gʻayritabiiy xususiyatlari va halokatli kuchi bilan ajralib turgan. Gidrani jangda yengib boʻlmasligining sababi uning cheksiz qayta tiklanish qobiliyati edi. Agar uning bitta boshi qilich bilan kesib tashlansa, oʻsha zahoti kesilgan joydan ikkita (baʼzan uchta) yangi bosh oʻsib chiqqan.

Gidra esa, kutilmagan voqealarni yaxshi ko’radi. Har qanday qora oqqush, uni kuchaytiradi. Boshi kesib tashlansa, oldingi holatidan-da kuchliroq bo’ladi. Bu holat noziklikning qarshisi. Ya’ni Antinoziklik holati ekan.

Ba’zilar aytishi mumkin: “Menga nima kerak? Ishim bor, oylik olyapman…”. Bu yerda misol o’laroq bir kurkani olaylik.

Tasavvur qiling. Fermer bir kurkani 1000 kun boqdi. Unga yem va suv berdi. Katta qildi. Kurkani tasavvurida, bu fermer uni yaxshi ko’radi. Axir 1000 kundan beri g’amxo’rlik qildi. Kurka hech narsa qilmay, xotirjam yashadi. Lekin 1001-kunda kelganda, fermer kurka-sho’rva qiladi.

Gap, kurka haqida emas.

Antinoziklikka yaqinlashish (gidraga o’xshash)

Shtanga strategiyasi

Nozik inson, hamma resursini risk qiladi. Sinmas inson hammasini juda xavfsiz joyda saqlaydi. Antinozik inson esa, bir yerda qolib ketmaydi. Ham xavfsiz joyda saqlaydi, ham risk qilar ekan.

85-90% resursingizni juda xavfsiz va konservativ joyda saqlasangiz, sizning aktivlaringizni katta qismi xavfsizlikda bo’lar ekan (stabil ish, uyda naqd pul, tilla va hokazo).

10-15% resursingiz juda xavfli va potensiali katta joyga, tiking (startap, riskli aksiyalar, yangi proyektlar).

Natija: 10%-15% resursingiz yonib ketsa ham, siz sinmaysiz, chunki aksar aktivingiz xavfsizlikda. Lekin risk o’xshab yutib qolsangiz, hayotingiz o’zgaradi.

Ichki zaxira

Samaradorlik nuqtayi nazaridan, ichki zaxira - bu yomon. Ammo antinoziklik tarafdan qarasangiz, bu sizni xavfsizligingiz.

  • Uyda har doim pul zaxirasi bo’lishi kerak.
  • Kasb zaxirasi qilib, bir nechta hunar o’rganing.
  • Daromad manbalari zaxirasi qiling. Bir nechta joydan pul kelsin.

Kichik xatolarni qidiring

Xar qanday xatodan, tizim haqida ma’lumot olsa bo’ladi. Katta xatodan ham, kichik xatodan ham ma’lumot ola olasiz. Xatolar qiling. Xatolaringiz vaqtli, kichik va ko’p bo’lsa, siz ko’p ma’lumot yig’ishingiz mumkin.

Hammaga ham ishonish mumkin emasligini, katta biznesda hamkoringiz xiyonat qilganida bilgandan ko’ra, yoshligingizda qumli maydonchada kimdir o’yinchog’ingizni aldab olib qo’yganda o’rganganingizda samaraliroq bo’lar edi.

Optsionlik

Qarorlar qabul qilamiz. Tanlovlar qilamiz. Va bizni tanlovimiz yo yutadi, yo yutqizadi. Optsionlik degani, sizni tanlovingiz yutqizgan holatda nimani yo’qotishingiz. Va yutgan holatda nimalarga erishishingizni hisoblashingiz aytadi. Va, yo’qotishingiz yutug’ingizdan kattaroq bo’lsa, bu qarorni qilmagan yaxshi.

Misol, telefoningizga zaryadka olmoqchisiz. Originali 50$, oddiysi 10$. Oddiysini olsangiz, 40$ yutasiz (yutug’ingiz). Lekin, u zaryadka 1000$ lik telefoningizni kuydirib qo’ysa siz 1000$ yutqizyapsiz (yo’qotishingiz).