Biznes boshqaruv. Moliya
Management sohasida yurar ekanmiz, tadbirkorlarni bizneslarini tizimlashtirar ekanmiz, shu haqida ham gaplashaylik.
Biznes boshqaruv asli katta mavzu. Oxiri bo’lmasa ham kerak. Va albatta, meni hali o’rganadigan narsalarim ko’p. Sekin-sekin bor bilimim bilan bo’lishishga harakat qilaman. Bo’lishar ekan man, o’zim ham bilimimni chuqurlashtiraman. Tushuntirib o’rgatgan inson, eshitib o’rgangandan ko’proq narsa o’rganar ekan. Va moliyani chuqurroq o’rganganimizda, boshqa hisobotlar kuchliroq va samaraliroq ekanligini topamiz. Shunda bu insho tahrirlanishi mumkin.
Boshlashdan oldin bir narsani tushunib olaylik. Hisobotlarni abstraksiya darajasi bo’ladi. Abstraksiya darajasi bu ba’zi narsalarni detallarini berkitib, tushuntirishni osonlashtiradigan tizim.
Hayotiy misol olsak. Tasavvur qiling sizdan qayerdan ekanligingizni so’rashdi.
- Chet elda so’rashsa - O’zbekiston deysiz.
- Samarqandda huddi shu savolni berishsa - Toshkent. (balki boshqa hudud dir, muhim emas)
- Toshkentda so’rashsa - Shayxontohur.
O’zga sayyorada esa, javob - Yer bo’lar edi. Nega bir joyda yashasam ham har xil javob? Chunki hamma javob to’g’ri. Har biri bu bir daraja.
Xuddi shu tarzda, hisobotlarda ham shunday darajalar bor. Tepa darajadagi hisobotga qaraymiz. Muammo bo’lsa pastki darajalarga tushib chuqurlashamiz. Mana shu chuqurlashishni dekompozitsiya deydi.
Bugun, tepa darajadagi hisobotlar haqida gaplashamiz. 3 ta asosiy fundamental ko’rishimiz kerak bo’lgan hisobot bor. Aynan shu hisobotlar IFRSda (Xalqaro moliyaviy hisobot standartlari) eng birinchi so’raladi. Keyingi insholarda boshqalariga ham chuqurlashamiz.
Keling bir biznes o’ylab topamiz. Masalan qurilish mollari do’konlari biznesi. 2 ta chakana (розничный) savdo do’kon bor, va 1 ta ombor bor. Ombordan mahsulotlar ulgurji (оптом) savdoga chiqib ketadi. Mahsulotni Xitoydan import qilamiz. Ho’p birinchi hisobotimiz bu:
1. P&L (Foyda va zarar)
Qaysi do’konimiz foydaga ishlamoqda, qaysi biri zararga. Balki, bittasi boshqasini hisobiga yashayotgandir?
Foyda va zararni hisobini qilayotganda ko’pchilikda bir xatoni qilishadi. Yalpi foyda bilan sof foydani ajratishmaydi.
Misol bilan gaplashaylik:
Bizning bir do’konimiz bir oyda 102 mln so’mlik savdo qilibdi. Savdo qilingan mahsulotlarni tannarxi 60 mln so’m. Foydamiz 42 mln so’m bo’ldi, to’g’rimi?

Rasm iBox dasturidan olingan
Lekin yalpi foydada do’kon xarajatlari ko’rsatilmagan. Ijara, xodimlarning ish haqi, elektr quvvati, soliq va hokazo. Yalpi foydadan, xarajatlarni ayirsak sof foyda kelib chiqadi:

Rasm iBox dasturidan olingan
Shunda biz bu do’kondan 42 mln so’m emas, 23.7 mln daromad ko’ribmiz. Xuddi shu tarzda har bir do’konni foyda-zararini hisobini qilib solishtiramiz. Solishtirganda savollar kelib chiqadi. Nega bitta do’konimiz kamroq foyda topmoqda? Joylashuvi yaxshiroqmikan? Nega bu do’konimizda xarajatlar boshqalariga qaraganda ko’payib ketibdi? Nega bu do’konimizda oyliklar ko’proq? Va hokazo.
Bunday savollar kelishi yaxshi. Biz biznes bilan tanishishni boshladik. Shu savollarga javob topar ekanmiz, biznesdagi juda ko’p kichik muammolar hal bo’lib ketadi.
2. Sof aylanma mablag’
Biznesda aktivlar va passivlar bo’ladi.
Aktivlar bu bizning hamma “boyligimiz”. Qo’pol qilib aytsak, hozir biznes yopilsa (ishni to’xtatdik, hamma narsani sotib, o’yindan chiqmoqchimiz), qo’limizda nimalar qoladi? Kassadagi pullar, mollar, ko’chadagi pullar ham. Shu hammasi aktiv.
Passiv esa, bu berishimiz kerak bo’lgan majburiyatlarimiz. Ta’minotchilardan qarzlarimiz bo’lishi mumkin. Xodimlarning ish haqi, ko’chadagi qarzlarimiz.
Bu oy P&L hisobotida 23 700 000 foydaga chiqdik. “Shu foydamiz qani?” degan savolga javob topish uchun aktivlarga qaraylik. 23 700 000 so’m (pul aktivimizga), mahsulot sotib oldik (mahsulot aktivi). Shunda aktiv bir ko’rinishdan boshqa ko’rinishga o’tdi. Ya’ni foydamiz, qayerga ketganligini ko’rib tura olamiz.
SAM (Sof Aylanma Mablag’) shu aktivlarni farqi.
Formula bor:
Sof aylanma mablag’ = Aktivlar - Passivlar

Bizni holatimizda:
Sof aylanma mablag’ = 158 270 001 - 89 300 000
Ya’ni, shu biznesimizda aylanma uchun ishlatishimiz mumkin bo’lgan pul 68 970 001 so’m.
Bu yerda kichik yordamchi bor:
Sof Aylanma Mablag’ > 0: Ya’ni, 0 dan katta bo’lsa bu, biznes o’ziga to’q ekanligini, o’zini eplay olishini ko’rsatadi.
Sof Aylanma Mablag’ = 0: Qanchalik 0 ga yaqin bo’lsa bu biznes juda xavfli zonada ekanligini aytadi. Salgina to’lovlar kechiksa, yoki kutilmagan chiqimlar bo’lib qolsa qiynalib qoladi.
Sof Aylanma Mablag’ < 0: Bu biznes og’ir kasal. Agar davolamasak, yopilib ketish ehtimoli katta.
E’tibor bering, P&L hisobotida, hammasi zo’r bo’lishi mumkin. Ancha muncha foydada bo’lishimiz mumkin. Lekin aylanma mablag’imiz minusda bo’lsa, bilamiz-ki hali xursand bo’lishga vaqtli.
3. Cashflow (Kassa aylanmalari)
Bu hisobot qo’limizdagi naqd pullarni ko’rsatib turadi. Bu oygi 102 mln so’mlik savdo bo’lgan edi. Ya’ni kassada 102 mln pul bo’lishi kerak. Lekin kassada u pul yo’q. Nega? Cashflow ko’rsatadi.

Rasm iBox dasturidan olingan
Ha bu oy 102 mln dan ortiqroq pul kirimi bo’libdi. Lekin shu kunning o’zida, 50 mln so’mlik chiqim bo’lgan ekan (nimaga ketganini ham o’rganib chiqish kerak bo’ladi). Va oxirida nech pul kassada qolganini ko’rsatadi.
Ya’ni, cashflow bu faqatgina pulni kirim chiqimini ko’rsatadi. Foyda, zarar, aktiv, passiv va hokazolarga e’tibor bermaydi.
Cashflow’ni ko’rib turish bizga naqd pul bo’shligini (кассовый разрыв) oldini olishga ham yordam beradi. Tasavvur qiling:
- P&L da siz foyda qildingiz.
- Sof aylanma mablag’da ham aktivlaringiz ko’p.
Lekin ijara to’lashga kassada pul yo’q. Nima hisobiga? Balki, kecha qaysidir molni olib kelishga pul berib yubordingiz. Qaysidir ta’minotchiga ko’proq chiqarib yubordingiz. Yoki, o’zingiz (shaxsiy ishlatish) uchun kassadan pul olgan edingiz. Cashflow’da shularni hisobi bo’ladi. Oldindan naqd pullarni yig’ib to’lovlarga tayyor bo’la olasiz.
Bu 3 hisobot, biznesning holatini aniqlash uchun ishlatilib, qaysi nuqtada ekanligini ko’rsatadi. Doktor bemorni davolashdan oldin, analizlariga qaraydi. Bu hisobotlar ham biznesning analizlari desak bo’ladi.
P.S. Bu insho endi o’rganishni boshlayotganlar uchun atalgan. Shu sababli ba’zi terminlar soddalashtirilgan. Agar chuqurroq o’rganishni istasangiz shularga qiziqishingiz mumkin:
- SAM bu aylanma aktivlar va passivlar farqi.
- Yalpi va sof foydaning o’rtasidagi EBITDA darajasi.
- Balans (форма 1) va SAM farqi.
- Foyda aktivga kirmasligini sababi.