Dastak
Aziz aka Rahimovda bir narsa o‘qigan edim. Inson qaysidir ishini kuchaytirmoqchi bo‘lsa, o‘sha ishni o‘lchashni tavsiya qilgandilar. Masalan:
Pul yig‘ishni istasa - chiqimlarini o‘lchash yordam beradi.
Uyquni to‘g‘rilamoqchi bo‘lsa - har kun necha soat uxlaganini o‘lchash yordam beradi.
Ozmoqchi bo‘lsa - kaloriya sanab yurish yordam beradi.
Va hokazo…
Va “o‘lchash” aslida, o‘rganishga yaqin narsa ekan. Masalan Nyuton gravitatsiya nazariyasini 1687 yil kashf qildi.
Lekin, Nyutondan oldin ham odamlar, buni bilishar edi. Narsa otsa, yerga tushganini ko‘rishar edi. Lekin bu “bilish” ko‘p narsa bermagan.
Gravitatsiyaga nom berilgan, formulaga tushirishgan, yerning kuchini hisoblashgan, va ilm sifatida o‘rganishni boshlashgandan keyin katta ixtirolar qilingan ekan. Baland binolar, mostlar, gidroelektr stansiyalar, sputnik, samolyot, raketa. Shu hammasi, gravitatsiyani o‘rgana olganimizdan keyin qurilgan.
Hayotda ham shuni sezdim. Atrofda ba’zi narsalarni intuitiv darajada biladigan insonlar ko‘p. Biladi, lekin o‘rganmagan. O‘rgansa, shu ishini kuchaytirar edi, ehtimol.
Bugun shunday, ko‘pchilik bilgan, lekin, o‘rganmagan 1 narsa haqidagi qaydlarimni jamlamoqchiman. Dastak.
Oxirgi payt dastak tushunchasi “moda” bo’ldi. Masalan:
Paul Graham’ni mashhur qilgan “Boylik orttirish yo‘llari” inshoda aytiladiki:
Boy bo’lish uchun, o’zingni 2ta narsadan iborat vaziyatga olib kelishing kerak, o’lchov va dastak.
Andrew Grove (intel asoschisi), o’zining “Yuqori samarali menejment” kitobida yozgan
Menejerning vaqti cheklangan. Uning vazifasi vaqtini yuqori samarali dastak’ga sarflashdir.
Naval Ravikant “Qanday qilib boyish mumkin (omadga tayanmasdan)” inshosida ham:
O‘zingizni kuchli tarafingizni aniqlang va imkon qadar katta dastak’dan foydalaning.
degan.
Ho’p, tushunchada va misol orqali eslab qolish osonroq bo’lsa kerak.
Dastak - bu, siz sarflagan resursga nisbatan, kattaroq natija keltiradigan har qanday instrument.
Resurs - pul, vaqt, energiya, bilim, kuch ko’rinishlarida bo’lishi mumkin.
Misol qilaylik:

O’ng tarafdan 100 kg kuch sarflansa, chap tarafdagi 500 kg lik toshni ham ko’tarish mumkin. Dastak’ning oddiy ko’rinishi.
Dastak bo’lmaganda 500 kg tosh ko’tarish uchun - 500 kg lik kuch sarflash kerak (1:1). Dastak yordamida kamroq kuch sarflayapmiz (1:5), lekin katta natija olyapmiz.
Sotuvda ishlashni endi boshlagan paytim, OLX’dan tadbirkorlani raqamlarini yig’ar edik. Yig’ishga 1-2 soat sarflanar edi. Keyin, bir kun 3 soat o’tirib bot yaratdim. AI bilan birlashgan. Unga, sohani va nechta raqam kerakligini aytsam, 5 daqiqada yig’ib berar edi. Endi 5 daqiqada 2 soatlik ishni qilishni boshladim.
Va sotuv haqida yana bir misol. Yangi sotuvchilarning aksarida seziladigan muammo. Kerakmas mijozga ko’p vaqt ketkazishadi. Mijoz, mahsulot kerakligini aytsa, oldiga borib, prezentatsiya qilib berishga qiziqishadi. Yo’lga, prezentatsiyaga 3-4 soat ketadi. Oxirida mahsulot mijozga to’g’ri kelmasligini biladi. Buni, boshida filtr qilganda edi, 4 soat vaqtini samaraliroq o’tkaza olardi. Bu holatda filtr bu dastak. Bir o’tirib filtr yaratib olsa, keyinchalik, ancha samarasi oshadi. Boshlanishiga IBM tarafdan yaratilgan BANT filtrini ishlatsa ham bo’ladi. Vaqt bilan o’ziga moslashtirib olaveradi. 5 daqiqa filtr ila 4 soat tejash mumkin.
Yoki 21-asr’da eng qadri baland skill haqida gaplashsak. Ma’lumot o’zlashtirish qobiliyati. Maktabda, universitetda yoki inson o’zi uchun yangi ma’lumot o’rganmoqchi. Vaqtini sarflab soatlab yodlashi mumkin. Yoki Feynman metodi’ni qo’llab ko’rsa bo’ladi. Bu insho ham, aslida Feynman qoidasiga asoslanib yozilgan. Bir necha kun yodlash o’rniga, 2 soatda insho yordamida, yaxshiroq o’zlashtirdim.
Yana bir misol. Hammamiz "menejer"miz. Kimdir xodimlarni boshqaradi, kimdir oilasini, kimdir uka-singillarini. Menejer xodimni o’stirishi kerak. Ustozlar buni ko’p aytishadi. Ilm omonat axir. Va buni, matematik tarafdan qarasak ham, juda to’g’ri qaror va katta dastak ekan.
Rahbar jamoasini yig’ib, ularni bilimini oshiradigan ma’lumot bersa, ular ozgina yaxshiroq ishlashi mumkin. 1% ga yaxshiroq ishlasa ham, 1 mlrd sotuv qiladigan jamoa, 10 mln ko’proq olib kelishi mumkin. Dastakimizning bir tarafida 2 soatlik trening (va nazorat), ikkinchi tarafida 10 mln so’m.
Shundan keyin ham, “Bilimim bilan bo’lishmayman. Aytsam xodimlarim o’sib ketadi va mendan ketib qoladi” deb o’ylaydiganlar bor.
Ishdagi dastaklar haqida qisman aytildi. Lekin shaxsiy hayotda ham dastaklar tiqilib yotibdi.
Eng kattalaridan biri uyqu bo’lsa kerak. Uyquni to’g’rilash uchun ko’p kuch ketmaydi. Lekin, to’grilanganda gormonlar o’ziga kela boshlaydi. Buning hisobiga kayfiyat yaxshilanadi. Miya ishlashi 19-40% ga yaxshilanar ekan. EQ (IQ’ning emotsional varianti) 60% gacha yaxshilanishi mumkin ekan.
Erkak kishi uchun, zal ham juda kuchli dastak. Sog’liq, energiya, uyqu - bularni zotan bilamiz. Ulardan tashqari yana foydalari bor ekan. Vizual katta ko’rinadigan erkaklar, qizlar uchun chiroyliroq ko’rinar ekan. Instinktlar o’rnini yo’qotmaydi. Va, shunday insonlarni statusi balandroq hisoblanar ekan. Yana bir tadqiqotda ko’rgandim, topa olmadim. Taxminan: o’rtacha top menejer’ning ko’rinishi, middle menejer va xodimlardan kattaroq (baquvvatroq) edi. Va, tanada yog’ miqdori keragidan ortiq bo’lgan insonlar ham xunuk ko’rinar ekan.
Dastak’ning maqsadi, keraksiz rutina ishlarga energiya ketkazmasdan, maksimal katta natija olib keladigan ishlar bilan band bo’lish. Tasavvur uchun, har bir ishni bir tosh deb o’ylasak, shu toshlarni suvga tashlab ko’rish kerak. Suvdagi doiralarni kattaligi, qilayotgan ishning muhimligi va ta’sir darajasi. OLX’dan raqam yig’ib o’tirish - bu qum donasi. Bunday ishlarga vaqtni sarflash arzimaydi. Potensial mijoz bilan gaplashish og’irgina tosh. Agar u potensial bo’lmasa - juda kichik tosh. Filtr qilib kichik toshmi yoki og’irmi ajratib olamiz. Va, ishdagi maqsad - eng katta doiralarni yaratish.
Yaxshi taraflardan tashqari, dastaklarni kamchiliklari ham bor ekan. Masalan:
Tayyorgarlik zarur. Dastak qilish uchun vaqt kerak. Bot yaratish uchun, 3 soat vaqtimni sarflaganman. Sotuvda “filtr” qilish uchun, vaqt sarflab o’ylab chiqish kerak. Jismoniy tana qurish uchun kamida 1 yil shug’ullanish kerak.
Tayyorgarlik qanchalik kuchli bo’lsa, shuncha katta dastak qurish mumkin. Balki, shunga ustozlar 30 yoshgacha biznes ochmaslikni, undan ko’ra network, ilm, tajriba orttirishni aytishgan? Tayyorgarlik qilishimizni xohlashgandir? Balki, hayotni o’zidan katta dastak yasasa bo’lar? Hehe, qiziq. Juda qiziq.
Sifat ham yomonlashadi. Menejment’da, dastak sifatni pasaytiradi. Qaysidir vazifani boshqasiga berish mumkin. U rahbardek yaxshi qila olmaydi. Sotuvda mijozni filtr qilganda, potensiallari ham ketib qolishi mumkin. Bot, kerak bo’lmagan raqamlarni terib qo’yishi mumkin.
Dastak - bu kuchaytiruvchi, yaratuvchi emas. Dastak to’g’ri ishlayotgan narsani, kuchaytirib beradi. Noto’g’ri ishlayotgan narsani undan battar buzib beradi. Lekin 0 dan yaratib bermaydi.
Qanday qilib dastaklarni topish mumkin?
Atrofga qarab ko’rish lozim. Men bilgan yagona yo’l faqat savol va taftish. Savol hammada xar xil bo’lsa kerak. Men o’zimning savollarimni ham bilmayman shekilli. Hozir, taxminan nimalar haqida o’ylashimni eslab yozaman:
- Kundan kunga qiladigan ishimni, bir marta qilib, boshqa bezovta qilmaydigan holatga olib kelish yo’li bor mi?
- Men qilishim kerak bo’lgan ishni, boshqasi qila oladimi?
- Men qilishim kerak bo’lgan ishni, qilgan odam bor mi? Tajribasidan maslahat so’ray olaman mi?
- Hozir nima qilsam, eng katta impact (suv doirasi) beradi?
Shu savollarga javob orqali, hamma dastaklarimni qilgan bo’lsam kerak.
Qaydlarim tugadi. Bugun, o’ylab chiqmoqchi bo’lgan narsalarim shu edi. Bugun dastak’ning nimaligi haqida yozdim. Ehtimol, boshqa inshoda, dastakning turlari, muhimligi, kuchli-kuchsizi, nozik-antinozikligi haqida yozarman.