Atrofni baholash haqida

Yakshanba kuni ertalab uyg’ondim. Ko’cha sovuq, yomg’ir ham yog’ayotgan edi. Vaqtlidan bir tanishim qo’ng’iroq qilibdi. Turib, ko’chalarni yurib kelay dedim. G’iybatchi ayollar menga qarab, nimadirlar deyishdi. Aylanib suv bo’yiga bordim. U yerda baliqchilar baqirishib yotishibdi. Quyosh ko’zimga uryapti. Sovuq ichlarimgacha o’tyapti. “Qatdan ham keldim?” deb o’yladim. Sekin uyga qaytar ekanman, bir kuchuk menga yopishdi.

Shu zahoti uyg’onib ketdim. Do’stim telefon qilayotgan ekan. Uyg’onib yaxshiyam bu tush ekanligini o’yladim. Do’stim bilan ozgina suhbatlashdim. Ko’chada yomg’irdan keyingi toza havo edi, aylanib kelay dedim. Ozgina tomchilayotgan havoda ko’chaga chiqdim. Chiqishim bilan qo’shnilarimni ko’rdim. Borib salom berdim. Opalar duo qilib qo’yishdi. Aylanib, sohil bo’yiga borib qolibman. U yerda havo juda ham boshqacha edi. Sal sovuqroq, ammo endi chiqqan quyosh isitayotgandi go’yo. Yoshlari ulug’ akaxon baliq oviga chiqibdilar. Menga qarab baqirib ko’rishdilar. Borib salomlashdim. Ozgina gaplashib qoldik. Ko’p narsani ko’rgan ekanlar. Sekin uyga qaytayotgan edim, bir kuchukcha oldimga kelib qoldi. O’ynagisi kelgan shekilli. Sal o’ynab, ozgina yem olib berdim.

Bitta narsaga, har xil tarafdan qarasa bo’ladi. Vaziyatga o’zimiz baho beramiz. Nimadir yoqimli deb o’ylaymiz, nimadir esa yoqimsiz. Nimadir muhimdir, nimadir muhim emas.

Atrofni baholashimiz - bu subyektiv fikrimiz. Siz uchun sessiya juda muhim bo’lishi mumkin. Do’stingiz esa kitobni ochib qaramagan ham. So’rasangiz: “Ha o’tarmiz-da” demoqda. Kimning pozitsiyasi samaraliroq?

Bugun atrofni baholash haqida gaplashamiz.

Hayotimiz ikki xil hodisalardan iborat:

  1. Biz ta’sir o’tqiza olmaydigan hodisalar. O’zgalarning fikri yoki harakatlari, ob-havo, yil fasli, hukumat tizimi, imtihon javoblari va hokazo. Ya’ni, biz ta’sir o’tqiza olmaydigan hamma narsa.
  2. Biz ta’sir o’tqiza oladigan hodisalar. Qadriyatlarimiz, fikrlarimiz, xohish va niyatlarimiz. Bizning qilayotgan ishlarimiz.

Buni ikki dumaloq deb tasavvur qilsak bo’ladi:

Bizning vazifamiz, tashqi omillarni hayotimizdan o’chirib tashlash. To’g’riroq qilib aytsak, miyamizdan. Tashqi omillarga biz hech qanday ta’sir o’tqaza olmaymiz. Ularga resursimizni sarflashni nima keragi bor?

Stoitsizmning asosiy ma’nosi ham shunda. Bor resurslarimizni, biz ta’sir o’tqiza oladigan narsalarga qaratish.

Benzinni narxi ko’tarilibdi. Bu narsaga biz ta’sir o’tqaza olamizmi? Men o’tqiza olmayman. Chap doira ekan. Bu haqida o’ylamaymiz, siqilmaymiz, vaqtimizni ketkazmaymiz. Chunki vaqt - bu resurs. Resursimizni, ta’sir o’tqiza olmaydigan narsaga sarflash ahmoqlik bo’lmay nima?

Shu inshoni yozayotganimda, hamkasbim kayfiyatsiz ekanligini ko’rdim. Qiziqsam, bir mijozi yomon izoh qoldiribdi. Servisga javob beradigan bo’lim xato qilgan ekan. Keling, shuni tahlil qilaylik. Parchalarga bo’laylik. Dekompozitsiya qilaylik. Mijozning yozgan izohi - bu chap doira. Yozgan narsasini o’chirtira olmaymiz. Bu siqilishga arziydigan narsa emas. Resurslarni sarflamaylik. Ammo, uning bizning shirkatimiz haqidagi fikrini o’zgartirib ko’rsak bo’ladi. Muammosi hal qilib ko’rsak bo’ladi. Bu esa o’ng doira. Qo’limizdan kelganini qilamiz. O’xshasa yaxshi. O’xshamasa, maksimumizni qildik.

Har qanday vaziyatda o’zimizga savol beramiz. Bu hodisa qaysi doiraga kiradi?

Muhimlik haqida

Tasavvur qiling. Bizni oldimizda masala bor. Muammo, loyiha, maqsad, ish, imtihon - farqi yo’q. Bir masala. Uni hal qilish uchun nima kerak? Har qanday masalani hal qilish uchun resurs kerak. Resursning ko’p ko’rinishlari bor: pul, vaqt, quvvat, bilim, tanishlar va hokazo. Kimdadir pul bor, vaqti kamroq. Kimdadir esa bilim ko’p, quvvati zaifroq.

Qayerga resursimizni ishlatsak, o’sha yerda ishimiz rivojlanadi. Pulimizni uy ta’mirlashga ishlatsak, uyimiz yaxshilanadi. Mashinaga tiksak, mashinamiz qimmatlashadi. Quvvatni ingliz tili o’rganishga ishlatsak, ingliz tilimiz kuchayadi. Masalamiz matematika bo’lsa, vaqt bilan quvvat sarflasak, bu masalamiz ham hal bo’ladi.

Endi masalani orqaga tortadigan omillar ham bor ekan. Bugun shulardan biriga sal chuqurlashamiz. Bizni natijaga erishishimizda orqaga tortadigan narsalardan biri - bu muhimlik.

Ha, do‘stlar. Ortiqcha muhimlik bu negativ ko’rsatgich ekan. Qaysidir ishga resurslarimizni sarflasak, ishimiz rivojlanadi. Ammo u ishga muhimlik berib qo’ysak natijamiz yomonlashadi.

Vadim Zeland “Variantlar makoni” kitobida aytadi:

Muhimlikni tushirish nafaqat hayotingizdagi muammolar sonini sezilarli darajada kamaytiradi. Boshqalarning va o’zingizning nazaringizda muhimlikdan voz kechish orqali siz tanlash erkinligi deb ataladigan bebaho ne’matga ega bo’lasiz.

Sizni oldingizda bir masala bor. Siz unga katta muhimlik berishingiz mumkin. Vaziyatni qiyinlashtirib yuborishingiz mumkin. Yoki, soddalashtirib, oson o’tqazib yuborishingiz mumkin. Ikkala holatda ham, masala o’tadi ketadi. Lekin soddalashtirsangiz, sifatliroq qarorlar qabul qilasiz. Muhimlik hayajonlantiradi. Hayajon tiniq fikrlashimizni bloklaydi. Tiniq fikrlay olmaslik - resurslarimizni boshqaruvini (Resource Management) sifatini tushirib yuboradi.

Ya’ni, qaysi dir vaziyatga katta muhimlik bersak, o‘sha ishda yomon natijalar olishni boshlaymiz.

Yaqindan, hamma narsa kattadek ko’rinadi. Uchoq (samolyot) osmonda kichkinagina bo’ladi. Oldiga borsangiz, juda kattadek keladi.

Xuddi shu kabi, yaqindan muammo, kattadek ko’rinadi. Tepadan qarasangiz, unchalik ham emas go’yo.

Masalan, mashinani urib oldingiz. Ba’zilar vahimaga tushib qolishi mumkin. 70 yillik umr darajasidan qarasangiz-chi? Tasavvur qiling, 75 ga kirgan chol-u kampir bo’ldik. Shu 25 yoshimizda bir mashinani sal qirib qo’yganligimiz esga keladimi?

Yaqinda Margulan Seysembayev ham shu haqida post qilgan edi:

Biz dunyodagi barcha stresslar bilan kurasha olmaymiz, chunki ular bizning tashqarimizda emas, balki boshimiz ichida. (← Muammo bizni ko’zimizda. Muammo real hayotda →)

Xulosa

  1. Atrofni baholayotganda har doim hodisalarni 2 turga bo’lamiz. Chap va o’n doira.
  2. Chap doira bo’lsa unga resurslarimizni sarflamaymiz.
  3. Resurslarimizning eng katta dushmani muhimlik. Shunga, har doim muhimlikni yo’qotamiz.

Hayotda eng samarali insonlar kim? Resurslarini to’g’ri joyga sarflaydigan insonlar.

Ular dunyo bilan kurashmaydi.
Vaziyatni soddalashtiradi.
Sababini qiladi, natijasini o’ylamaydi.

Shuning uchun ham: “Dunyoni natijaga eng kam bog‘langan odam boshqaradi.”