Mas’uliyat kimda?
Yaqinda bir mijozni oldiga borgan edik. Programma sotishimiz kerak edi. Men bilan birga stajyor (ish o’rganuvchi) ham borgan edi. O’tirib gaplashdik. Oxirida mijoz, taklifimizni rad etdi. Mijozni oldidan chiqdik. Yo’lda stajyor mijozni yomonlay boshladi. Hech narsa bilmasligini, o’zidan aqlli yasashga urinayotganini, insonni eshitishini o’rganishi kerakligini aytdi.
Menga qiziq bo’ldi, chunki, chiqib birinchi o’ylagan narsam, men qayerda xato qilganligim edi. Stajyorga bizni xatolarimizni aytdim. Masalan, mijoz shoshilayotgan edi, qancha vaqti bor ekanligini so’ramadik. Ko’chada gaplashdik, shovqin bor edi. Unga qiziq bo’lmagan mavzu haqida gaplashdik, shunga eshitmadi. Va yana 10 ga yaqin xatolarimizni sanab berdim.
Meni bunday o’ylaganimni sababi, meni shunga oid prinsipim bor. O’tgan inshomizda prinsiplarni muhokama qilgan edik.
Podkastlar, kitoblar, biografiyalar o’rganaman. Muallifning prinsiplarini topishga harakat qilaman. Yuqoridagi holatimiz ham prinsip natijasi. Har doim natijani mas’uliyatini o’z bo’ynimga olish prinsipi. Eslab ko’rdim, bu qoidani ilk safar kimdan olganligimni topa olmadim. Sababi, deyarli hamma kuzatgan odamlarda, shu prinsip sezilgan. Prinsiplar ro’yxatimda eng eskilaridan bo’lsa kerak.
Hayotimizda bo’layotgan har bir voqeaga o’zimiz sababchimiz.
Atrofimizga qarasak, achinarli holat. Aniq statistikani bilmayman, lekin hayotimda uchrayotgan 10 ta insondan taxminan 7 tasi doim aybdor topishga harakat qiladi. Mas’uliyatni boshqasiga tashlashga harakat qiladi.
Mana shu rasmga qarang:

Atrofda hamma shu o’yinni o’ynayotgandek go’yo.
- “Avtobus sekin yurdi, shunga kech qoldim” (Haydovchi)
- “Gai archani orqasiga bekinib olibdi, ko’rmay qoldim. Jarima yozdi” (GAI)
- “Biznes ochdim. Yurmadi. Hukumat qiynayapti-da. Iqtisodiyotni tushirib yubordi” (Hukumat)
Hamma kimni dir ayblash bilan band.
Shu qatorlarni yozar ekanman, kulinar ilhom keldi. Ovqat qilgim kelib qoldi. Oshxonaga chiqdim. Kartoshka qolmabdi. Fikrimga birinchi kelgan narsa “Nega uyimdagilar aytishmadi? Kecha bozorlik qilgan edim-ku…”. Sezdik mi? Barabanni aylantirdik. Aybdor oilaga tushdimi? O’zimni bosdim. Bozorga chiqishdan avval, tekshirib ketsam bo’larmidi? Bozorda yurganimda ham, qo’ng’iroq qilib uyda nima yo’qligini bilsam bo’lardi. Qilmadim. Mas’uliyat o’zimda.
Hozirgi holatimiz. Yashayotgan uyimiz. Haydayotgan mashinamiz. Oynadagi manzaramiz. Hammasiga o’zimiz sababchimiz. Hammasiga o’zimiz mas’ulmiz.
Ba’zilar e’tiroz qiladi. Biz hamma narsaga javobgar bo’la olmaymiz ku. 100% nazorat qilish mumkin emas-ku. Bunga bitta javobim bor:
Shaxsiy mas’uliyat - bu hamma narsani nazorat qilishlik haqida emas. Shaxsiy mas’uliyat - bu, har qanday holatda, vaziyatga ta’sir o’tqaza olishimiz haqida.
Keling bir misol olamiz. Tasavvur qiling. Siz universitetda o’qiyapsiz. O’qishga keldingiz. Bugun juda muhim sessiyangiz bor. Starosta hamma sessiya javoblarini olib kelaman degan edi. Shunga, hech kim xavotir olmayapti. Starosta keldi. Lekin, javoblarni yo’qotib qo’yibdi. Nima qilamiz? Nima kelmoqda fikrga?
Hozir bizni oldimizda 2 ta yo’l bor.
1 - Hamma bilan birga voylab o’tirishimiz mumkin. Starostani ayblab, baqir chaqirga qo’shilishimiz mumkin. Hamma shunday qilyapti-ku axir. Starosta aybdor-ku.
2 - Yoki aybni o’zimizga olamiz. Birovga ishonib qolmasligimiz kerak edi. O’zimizga “Men nima qila olaman?” savolini berib ko’raylik-chi. O’ylab qarasak. Balki, boshqa “potok”dagilarda bor dir javob? Katta kurslarda ham bo’lsa kerak ehtimol. Ular bilan kim yaxshi munosabatda edi? Balki, shu do’stimiz, iltimos qilsa, yordam berishar?
Tushundik-a? Bir formula bor:
mas’uliyat = ta’sir
Biz mas’uliyatni birovga tashlar ekanmiz, vaziyatga ta’sir o’tkazish kuchini ham yo’qotamiz.
Shaxsiy mas’uliyatni hayotda ishlatish
Har qanday vaziyatda, mas’ul odamning boshida go’yo toj bo’lsa-ya?
Aslida u toj bor ham. Aybdor toji. Faqat bizga ko’rinmaydi.
Kech qolganingizda, avtobusni ayblayotgan bo’lsangiz, haydovchida toj bor.
Bizning vazifamiz, har doim, tojni o’zimizga olishda. Nima bo’lishidan qat’i nazar, tojni olamiz.
Tojni olib, o’zimiz kiyishimiz bilan, fikrlashimiz o’zgaradi. Mas’uliyatni olamiz. Shu yerda bitta savol yordam berishi mumkin. “Men nima qila olaman?” savoli. Shu savolni bersangiz, miya darrov yechim qidira boshlaydi. Omma va qahramonlarni ajratib turadigan narsa shu dir ehtimol.
Umumlashtirsak, har qanday vaziyatda:
- Tojni o’zimizga olamiz.
- “Men nima qila olaman?” savoliga javob izlaymiz.
Shu prinsipni singdirsangiz, odamlar ikki turga bo’linib ketadi: mas’ul odamlar va ayb qidiradiganlar. Birinchilar bilan yurgingiz keladi. Ikkinchisidan esa tabiiy ravishda uzoqlashasiz.
Boshqalarni ayblar ekanmiz, hayot mashinasini rul’ini birovga bergan bo’lyapmiz. Bizni hayotimizni birovlar boshqaryapti. Ota-ona, hukumat, rahbar, oila. Rul’ni o’z qo’limizga olarkanmiz, hayot qiyinlashadi. Lekin, endi hayotimizni o’zimiz boshqaryapmiz.