Qaror qabul qilish tizimi

Bugun qarorlarimizni sifatini oshirish haqida gaplashamiz, do’stlar.

O’qigan universitetimiz, ishlayotgan sohamiz, atrofimizdagi do’stlarimiz. Bu hammasi tanlovlar. Shu tanlovlarimiz, bizni hozirgi shaxsimizni shakllangan. Tasavvur qiling, boshqa ishga kirganingizda. Hayotingiz qanchalik o’zgarar edi?

Bizni hozirgi holatimiz, o’tgan yillarda qilgan qarorlarimiz natijasi. Hozir qilayotgan tanlovlarimiz esa, kelajakdagi holatimizni shakllantiradi.

To’g’ri qarorlar qabul qilsangiz, 1 yilda dunyodagi eng boy odam bo’lib qolishingiz mumkin. Va noto’g’ri qarorlar bilan, dunyodagi eng baxtsiz insonga ham aylana olasiz.

Demak, holatimizni o’zgartirish uchun, qabul qilayotgan qarorlarimizni sifatini oshirishimiz kerak.

Keling bitta misol olaylik. 20 yoshli bola. Ishlab pul topishni boshladi. Pul yig’yapti. Oradan ko’p o’tmay, tanishi unga mashinasini taklif qildi. Qahramonimizni puli yetadi. Endi unda tanlov bor. Mashina olsin mi, yoki pulini boshqa narsaga ishlatsin mi? Sarmoya masalan? Bir tarafdan mashina olgisi keladi. Do’stlarida mashina bor-ku. Olsa, motivatsiyasi oshar balki. Ikkinchi tarafdan mashina bu passiv. Sarmoya qilgan yaxshiroqmikan? Ikki tanlov orasida turibdi. Dixotomiya dermidi?

Qaysi tanlovni qilish kerak?

Yoki o’zimizni eslasak. Oxirgi paytlarda, dixotomiya holatida turganimizda qanday qarorni qabul qildik? Undan sifatliroq tanlovimiz bormidi-ya?

Bir tanishim, har qanday qaror vaziyatdan kelib chiqishini aytdi. Universal qoidalar bo’lmaydi dedi. Lekin, kitoblarimizda, birovni haqini yemaslik prinsipi universal emas mi? Bu savolda istisnolar bor mi, yo’q mi bilmadim. Ammo, men, tanlov orasida tursam, doim shu prinsipga amal qilishga harakat qilaman.

Tamam, kelishdik. Hamma tanlovlarimiz ham to’g’ri chiqmaydi. Lekin, ko’p holatda ishlaydigan universal qoidalar yo’q mi?

Bu savolga Rey Dalio “Prinsip” tizimini taqdim etadi. Misoldan boshlasak, tushunarliroq bo’lsa kerak.

Robot changyutgich birinchi marta qo’shilganida uyimizdagi devor va eshiklarga urilar ekan. 2 soatda yuzga yaqin “avariya” bo’lib, har bir to’siqni, o’zidagi chipda (miyasida) eslab qolar ekan. Keyinchalik o’sha to’siqlarni aylanib o’ta oladi.

Xuddi shu jarayonni biz o’z hayotimizda ishlatib ko’rsak-chi?

Biz qanday dir muammoga uchraymiz. Aksariyat, muammoni hal qilishga kirishadi. Izlanadi, qiynaladi, kitob o’qir, maslahatlar so’raydi. Hal qilgach esa, keyingi ishiga o’tadi. To’g’ri mi? Ammo bu yerda bitta muhim qadam qolib ketmoqda. Rey Dalio aytishi bo’yicha aynan shu qadam muvaffaqiyatli va muvaffaqiyatsiz insonlarni farqlaydi. Bu, o’sha “chip”ga yozish qadami. Refleksiya qadami.

Kelinglar “refleksiya” so’ziga sal chuqurlashamiz.

Muammo, bu, noto’g’ri qarorimizni natijasi. Refleksiya, o’sha muammo orqali, qaysi qarorimiz xato bo’lganligini topib beradi. Refleksiyani men o’zim uchun 3 qadamga bo’lganman.

  1. Muammomi asl manbasini topamiz. Muammoni eng oxirgi nuqtasigacha borishimiz kerak. Misol, ishga kech qolish masalasi. Ishga vaqtida kela olmadik, bizga gap tegdi. Manbasi nima bo’lishi mumkin?
    “Uydan kech chiqdim” degan javob kelar ehtimol. Chuqurlashsak-chi? Nima uchun uydan kech chiqdik?
    — Ertalab uxlab qolibman.
    — Nega?
    — Kecha kech uxlagan edim, shunga vaqtli tura olmadim
    — Nega?
    — Sport bilan shug’ullangan edim. Adrenalin mi bilmadim, lekin uxlay olmadim.
    Demak, asl manbamiz, zalga kech borganimizmikan?
  2. Keysimizni universal qoidaga o’giramiz. Bizni holatda, biz ko’p quvvat sarflaydigan ishni, kunning oxiriga qo’yibmiz. Shuni universal qoidaga qo’yaylik. Quvvat sarflaydigan yoki ko’p vaqt oladigan ishlarni, birinchi qilish kerakligini taxmin qilamiz. Qoidaga olib kelsak: “Eng qiyin vazifani birinchi bajarish kerak.”. Prinsip paydo bo’ldi. Bu prinsipni Brayan Treysi ham aytganmidi?
  3. Prinsipni yozib olamiz, va qo’llashga harakat qilamiz.
    Ho’p, shu prinsipga amal qilishni boshlasak, hayotimizda nima o’zgaradi?
    1. Ertalab trenirovkadan keyin, ancha tiniqib yuramiz.
    2. Ishga ham kechikmasak kerak. Istisno holatlarni hisobga olmasak tabiiyki.
    3. Ishimizdagi vazifalarimizni ham shu prinsipga oid qilib ko’rsak-chi? Eng qiyin vazifamizni eng birinchi qilib ko’rsak. Ishlarimizni tezroq bitiramiz katta ehtimol. Time management (Vaqtni boshqarish) qoidalaridan eng muhimini kashf etdik go’yo.

Keyingi safar, xar qanday ish yoki vaqt taqsimlashda, qanday qilish kerakligini o’ylab o’tirmaymiz. Tanlov qilmaymiz. Prinsiplarimiz qaysi tanlov qilish kerakligini aytadi.

Prinsiplar, bizni hayotimizni tizimli qilishga yordam berar ekan.

Gap, ishga kech qolishda emas ekan. Gap bizni fikrlashdagi xatomizda ekan. Va prinsiplar shu xatolarni to‘g‘rilashga yordam beradi. Shu miyamizdagi bug larni to‘g‘rilagan sari, hayotimizdagi muammolar hal bo’laveradi.

Boyagi misolimizga qaytsak, mashina olay mi, yo sarmoya qilay mi? Kimdir, mashina ol deyishi mumkin. Bu uning tanlovi. Men esa prinsiplarimga qarayman. Menda bir prinsip bor: “Qarorlar 2 - va 3 - darajali oqibatlarni hisobga olgan holda qabul qilinishi lozim”. Shunga asoslanib aytaman ki, mashina, birinchi darajali kelajakda yaxshi. Maza qilasiz. Motivatsiya oshar. Ikki yoki uchinchi darajali kelajakda, mashina qimmatga tushar ekan. TCO si baland. Sarmoya esa, aksincha. Hozir hech qanday foydasi yo’qdek ko’rinadi. 5-6 yildan keyin esa, ancha ko’p foydasi tegadi. Mashina olmoqchi bo’lgan pulim, uyga ham yetib qolar balki. Meni tanlovim aniq.

Ko’p muammolarimizni asl manbasi bir nechta prinsip bilan hal bo’lsa kerak. Prinsiplarimiz ko’paygan sari muammolarimiz kamayadi. Payti keladi, muammolarni kutasiz va uchraganda zavq bilan hal qilishga kirishasiz deydi Dalio. Chunki yangi prinsiplar chiqarishni istaysiz.

Aksar muammolar hal bo’lar ekan, biz kattaroq to’siqlar bilan olishamiz. Shu bilan birga o’samiz, zero inson miqyosi, u hal qilayotgan muammolar bilan o’lchanadi.