Kuchning 5 ko’rinishi

Kim kuchliroq:

  • Enshtein yoki Mikelanjelo?
  • Nyuton yoki Mike Tyson?
  • Bismark yoki Napoleon?

Inson kuchliligini aytganimizda, nimaga qarab baho beramiz?

Tysonni kuchsiz deyishga tilimiz bormaydi. Nyutonni ham hech nimaga erisha olmagan biri deya olmaymiz. Kim kuchliroq ekanligini qanday aniqlaymiz?

Ularni chetga olib turaylik. O’zimizni kuchimizni qanday qilib o’lchaymiz? O’tgan yilgi Abdulloh bilan bu yilgi Abdullohning kuch farqi qanday? Shaxs sifatida kuchaymoqchi bo’lsak, nima qilishimiz kerak? Sportga borishimiz kerakmikan? Yoki kitob o’qishimiz mi?

Mike Tyson kuchli sportchi. Bismark kuchli siyosatchi. Enshtein kuchli olim.

Har birlarini inson miqyosida kuchli ekanligini bilamiz. Lekin hech birini kuchi bir biriga o’xshamaydi. Har biri o’z sohasida zo’r.

Kuchning 5 ko’rinishi bo’lishini topganman. Bu dunyo tan olgan fakt emas. Men o’qigan manbalardan kelgan fikr xolos. Lekin, shu 5 ta ko’rinishni bilish ham, o’ylash uchun oziqa bo’ladi.

1. Moddiy dunyo kuchi

Bu yerga sizning qo‘lingizdagi bor moddiy boyliklaringizni hammasi kiradi. Pul, moshina, qurol, raketa, tank va hokazo.

Sizning miltig’ingiz bo’lsa, qishloqqa ayiq kelganda, qo’shnilar sizning oldingizga yordam so’rab keladi. Sizni kuchli ko’rishadi.

Siz yurtboshi bo’lsangiz, va sizda tank va raketalar bo’lsa, ikkita yon davlatlar urishganda, sizdan yordam so’rab kelishadi. Sizni kuchli ekanligingizni tan olishganligi uchun.

Manchester City yoki PSG futbol jamoalari o’rtacha klub edilar. Saudiyadan investorlar pul tikkandan keyin, top klubga aylanishdi.

Uilliyam Kennedi Smit - Amerikaning 35-prezidenti Jeyms Kennedining jiyani. Zo’rlashda ayblangan. Huquqiy mudofaa uchun 1 million dollar sarflab oqlangan.

Pulning kuchi haqida o’zingiz ham yaxshi bilsangiz kerak. Axir kapitalizmda yashayapmiz. Va biz, buni to’g’ri yoki noto’g’ri ekanligi haqida muhokama qilmayapmiz. Biz moddiy kuchning o’rnini ko’ryapmiz.

2. Obrazlar kuchi

Bu — odamlar siz bilan bo‘lgan har qanday tajribadan keyin ularda qoladigan taassurot. Hozirgi tilda aura dermidi? Bo’lishi mumkin oratorlik qobiliyati. Bo’lishi mumkin inson o’zini tuta olish qobiliyati.

Konor Makgregor obraz kuchi bilan, qafasga chiqmasdan yutar edi.

Fidel Kastro sudda o’ziga advokat olmadi. O’zini o’zi himoyalab 4 soat gapirdi. Mashhur «Qamayvering! Tarix meni haqligimni isbotlaydi !» nutqi dunyoga keldi. Shu nutqni odamlar yozib tarqatishdi. Keyinchalik butun davlat shu inson orqasidan borib revolyutsiya boshlaydi.

Yana bir inson bor edi. Butun Germaniya xalqini miyasini zaharlay olgan. Yillar davomida hukmdorlik qilgan. Obraz kuchi yordamida. Gap kim haqida ekanligini tushungan bo’lsangiz kerak.

3. Intellekt

Miyamizning ichida bo’layotgan hamma narsa kiradi. Bilimlarimiz. Ruhiy holatimiz. Dux. Xarakter. Qanday qarorlar qabul qilayotganimiz. Qanday strategiyalar tuzayotganimiz.

Ba’zi insonlar bor. Resurslarsiz, va birinchi ko’rinishda hech qanday yutish imkoniyatisiz holatlarda ham, yutishadi. Hammadan hayron qoldirib, hech kim ishonmaydigan ishlarni qilishadi.

Ruhiy holatni kuchaytirish yo’llaridan biri, bu imonimizni kuchaytirishdir. Balki yagona yo’li ham shudir. Imoni kuchli insonda, dunyoviy ishlarda, hech qanday qo’rquv bo’lmaydi.

4. Jismoniy kuch

Sog’lig’imiz, tana kuchi, urisha olish qobiliyatlari. Ba’zilar jismoniy kuch hozirgi zamonda unchalik muhim emasligini aytadi. Tasavvur qiling Stiven Hoking tanasiga tushib qoldingiz. Yoki boshqa og’ir kasalga uchrasangiz. Buyuk ishlar qila olishingizga qay darajada ishonasiz?

Oilangiz bilan ko’chada ketayotganda, bezorilar yopishsa, intellektingizdan nima foyda? Pulingizdan nima foyda?

Yoki oddiy misol. Inson sport bilan shug’ullanar ekan, miya ishlashi ham kuchayadi. Platon, mashhur Arastuning ustozi, Sokratning shogirdi. Zamonasining eng aqlli odamlaridan biri. U insonni asil ismi Aristokl. Platon esa taxallusi edi. Platon so’zining ma’nosi - keng yelkali. Jismoniy juda ham baquvvat bo’lgani uchun ustozi shunday atagan.

5. Ijtimoiy olam

Do’stlaringiz, tanish-bilishlar, reputatsiyangiz.

Ingliz tilida «Your Network Is Your Net Worth» (Tanish bilishingiz – bu sizning sof qiymatingiz dir) degan gap bor. Inson kuchli dir, aqlli dir. Lekin jamiyat bilan muloqot qila olmas ekan, uzoqqa bormaydi.

Uilyam Jeyms Sidis - daho. Bu odamning oldida, Nyuton ham, Enshtein ham yosh boladek ko’rinishsa kerak. 18 oyligida o’qishni boshladi. 5 yoshida maqola yozar edi. 8 yoshida 8 ta tilda bemalol gapirar edi. 16 Yoshida Garvardni bitirdi. Lekin bu inson boshqalar bilan muloqot qila olmasdi. Bir o’zi qoldi. Juda faqir hayot kechirdi.

Bu kuchlarning iyerarxiyasi bo’ladi. Albatta, birinchi o’rinda intellekt va ruhiy holat turadi. Inson aqlsiz va qo’rqoq bo’lsa, boshqa kuchlarning ahamiyati ham qolmaydi. Rasulimiz (s.a.v.) ga ham birinchi tushgan oyat - “O’qi” bo’lgan.

Keyin sog’liq va jismoniy kuch tursa kerak. Agar siz sog’lom bo’lsangiz, nimadir boshlashdan qo’rqmasangiz va boshlashga bilimingiz yetsa - o’sha ishda muvaffaqiyatga erishmaslikning imkoniyati yo’q. Albatta rizqimizda yozilgan bo’lsa.

Aslida bu ajralgan ko’rsatgichlar emas. Ishimizni osonlashtirish uchun ajratganmiz. Real hayotda hammasi bir biriga bog’liq. Puli ko’p odamning tanishlari ham ko’p bo’lish ehtimoli katta. Obrazi kuchli insonning ruhiy holati ham kuchli bo’ladi. Ajratishimiz, tahlilda yordam beradi.

Bu ko’rsatgichlardan maksimal foyda olish yo’li bu tahlildir. Boshidagi savol. O’tgan yildagi Abdulloh kuchaydimi yoki yo’qmi deganda men shu 5 ta ko’rsatgichga qarayman. Har birini solishtiraman. Zalda ko’tarayotgan toshlarni vazni oshdi. Ko’proq pul topishni boshladim. Tanishlarim ko’paydi. Og’irroq kitoblar o’qiganimni orqasidan bilimim, fikrlashim o’sdi. Va bu hammasi taxminiy gaplar emas. Hammasini yozib kelingan. Matematikada solishtirilgan holda tahlil qilinadi.

O’yinlar bor. O’z personajingizni kuchaytirasiz. Qaysi ko’rsatgichi past bo’lsa, shunga urg’u berasiz. Kuchi yetmayotgan bo’lsa, jismoniy kuchaytirasiz. Tezligi past bo’lsa tezligini oshirasiz. Xuddi shu tarzda, o’tirib o’zingiz tahlil qilib ko’ring. Qaysi ko’rsatgichim yaxshi? Qaysi biri o’tgan yildan beri o’smagan? Nega? Qaysi ko’rsatgich meni hayotimning "bottleneck"i?

Savollarga javob izlar ekanmiz o’zimiz bilan tanishishni boshlaymiz. Yillik/kvartallik reja qilayotganda, qaysi ko‘rsatgichimizni kuchaytirishni ongli ravishda aniqlashimiz kerak. Va, buni amalga oshirish uchun, resurslarimizni shu ko’rsatgichga sarmoya qilamiz.