"Jamoa - bu tirik organizm" mi?

“Jamoa bu tirik organizm” degan gapni ko‘p eshitgandirsiz. Bu gap mani sal o‘ylantiradi. Bir tarafdan, hammasi tushunarli. Rahbar bo‘lsangiz, jamoangizga to‘g‘ri yondashuv qila olasiz. Masalan:

Jamoani isitmasi chiqishi mumkin.
Kayfiyati bo‘lmasligi mumkin.
U bu joyi og‘riyotgan bo‘lishi mumkin.
Jamoa rivojlanishi kerak, o‘sishi kerak
va hokazo.

Lekin xodim tarafdan qarab ko‘rsa, bu gapning foydasini nimada? Mana masalan, 5 daqiqa oldin, bu gapni eshitmagan edim. Hozir eshitdim. Hech qanday xulosa kelmagandek.

Xodim, organizmning bir qismi bo‘lsa, butun tana uchun qayg‘uradi. Ishonchni oqlashga harakat qiladi.

Lekin, rahbar, jamoani tirik organizm sifatida ko‘rmayotgan holatlar ham bor-ku. Bu holatda xodim bir “qism”. Muammosi borligida so‘rashmasa. Isitmasi chiqqanini bilishmasa. Rahbarga, bu ketishda ishlay olmasligini aytganda - o‘rniga boshqa “qism” olib kelishlarini aytishsa. Nima qilish kerak?

To‘g‘risi o‘ylandim. Atrofimda, shunday holatlarni ko‘rganligim uchun, ozgina xulosalar keldi. Ko‘pchilik bor edi. Lekin, hammasi 3 ta yo‘lda birida ketishganga o‘xshaydi.

Birinchisi paxta qo‘yish. Haligacha ishlaydigan metod. Man bu yo‘lni sevmadim. Lekin, ishlayotganini ko‘rganimga, yozishga qaror berdim. Vaqt bilan bu metod yo‘q bo‘lib ketsa ham kerak. Chunki z-avlod bunga juda qarshi chiqmoqda, va yaqin yillarda boshqaruv pozitsiyalarida z-avlod vakillari ko‘payganda, paxta, korrupsiya, pora va hokazolar kamayishi kutilmoqda. Kutamiz.

Ikkinchi yo‘l - ketish. Boshqa kompaniyalar ko‘p. Ishlayotgan joyimiz yagona emas, bundan kuchliroq va kattaroq joylar bor axir. Va, kuchli menejerlar ham, jonini kompaniyaga bergan bo‘lsa ham, shu yo‘lni tanlaganlar bor. Balki, eng to‘g‘ri yo‘ldir.

Va uchinchisi esa, voz kechib bo‘lmaydigan qismga aylanish. Appenditsit bo‘lganda, appendiksni olib tashlashadi. Chunki u organsiz, inson bemalol yashay oladi. Lekin yurakni, osongina alishtirib bo‘lmaydi.

Alishtirish qiyin bo‘lgan xodimlarni osongina ko‘ra olamiz. Agar, o‘sha xodim, 1 oy ishga chiqmasa, kompaniya qattiq qiynalib qoladi.

Shu fikr bilan insho tugasa kerak deb o‘ylagandim. Lekin, ozgina o‘ylab ko‘rsam, qanaqadir mantiqsizlik bordek tuyuldi.

Rahbarning o‘zi ham qayg‘urmayotgan bo‘lsa, nega xodim voz kechilmaslikka intilishi kerak?

Savol o‘ylantirdi. Oxiri bir fikrga kelgandek bo‘ldim.

Manimcha, fokusni rahbarga emas, o‘zini o‘stirishga qaratish kerak.

Rahbar bilan o‘smayotgandir siz. Lekin siz ishlayotgan joyda katta resurslar, tajribali top-menejerlar va murakkab loyihalar bordir. Voz kechilmaslikka intilishni sababi kompaniyaning mana shu imkoniyatlaridan foydalana olishlik bo’lishi mumkin.

Universitetda, professor kuchli bo‘lmasligi mumkin. Lekin kutubxonasi katta bo‘lsa, ilmsiz chiqqan talabaga kechirim yo‘q.